Qovun

Eingetragen bei: Allgemein | 0

O‘zbek qovunlarining Yevropaga qarab yo‘l olganidan sal oldinroq xabar topgan edim. Lekin ularni Germaniyada tez orada uchrataman, deb o‘ylamagandim. Kecha Zaarbryukendagi do‘konlarning biriga kirsam …

… o‘zimizning „shakar“ qovunni ko’rib qoldim.

 

Yevropa davlatlariga O‘zbekiston qovunlarining eksport qilinayotgani haqida shu oyning boshida xabar berilgan edi [1][2]. Shuning uchun, to‘g‘risi, qovunlarni ko‘rish juda ham kutilmagan voqea bo‘lmadi, lekin ularning qo‘l yetgudek yaqinda ekanligi meni juda quvontirdi. Narxiga ham qaramasdan…

… tanlay boshladim. Lekin tanlash juda qiyin bo‘ldi, chunki juda katta tanlov imkoniyati ham yo‘q edi-da. Tog‘dek uyib qo‘yilgan qovunlar qayoqda?! Sotuvga qo‘yilgan qovunlar atigi sakkiz dona edi. Uning ustiga uzoqdan kelgani shundoq holatidan bilinib turardi. Sinov uchun kichikrog‘ini tanladim. Kassadagi ayol ehtiyot shart yana bir marta narxiga ishora qildi: “Narxi bir kilo uchun ko‘rsatilgan”. Men esa “Bizning qovun shunga arziydi”, dedim, … ichimda.

Aslida qovun rostdan ham qimmatga tushgandi. Boshqa qovunlarning donasi 2 yevro atrofida sotilayotganda, O‘zbekning qovuni biryarim yevrodan oshiq‘iqa sotilayotgandi-da. Qovunlarning tepasiga osilgan narx noto‘g‘ri ekan, kassada kilosini 1, 69 yevroga urib berishdi. “Mazasi ham puliga arzisinda endi”, deb uyga qaytdim.

„Qovun yesang, sahar ye; sahar yemasang, zahar ye” degan gapga amal qilib qovunni ertangi kun nonushtaga olib qo‘ydim.

 

Bugun esa ertalabdan shu qovunni kesdim. Ichidan vatanimning hidi chiqqanday bo‘ldi, bir lahzaga o‘zimni O‘zbekistondagidek his etdim. Bir tilimini (tarelkaga) chiroyli qilib kesib, odatga ko‘ra tilimning qo‘limda qolgan oxirgi bo‘lagini tatib ko‘rdim. Quvun kutilganidek mazali chiqdi. “Haaa, dehqonga barakalla!”, dedim.

Bizning Buxoroda bunaqa qovunni “shakar qovun” deyishardi. Tishlaganda “qars-qars” etib tovush chiqar edi. Chunki uning mag‘zi ancha zich bo‘lardi. Lekin mening qovunimdan shunaqa tovush chiqmadi (aslida tovush chiqdi, faqat saaaal pastroq chiqdi-da). O‘zbekistondan Germaniyagacha yo‘l bosib “horib” kelgan qovundan albatta bir “sado” chiqishi qiyin-da. Shunga qaramasdan mazasini saqlab qolganiga shukur qilib, “qovunni yetishtirgan bobo dehqonga, sotganga, bozordan keltirganga”, yana uni Yevropagacha yetkazib berganlarga va oxirida albatta yeganlarga ham raxmat aytdim.

Biroz qimmatga tushgan bo‘lsada o‘zimizning qovunning mazasi o‘zgacha edi. Yoshligimizdan qovunni “tuyacha” qilib yeyishni yaxshi ko‘rar edik. Bu safar ham bir tilimini shunday qilib yedim va qishlog‘imni esladim.

Qovun haqida gap ketganda, albatta Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarini yodga olishimiz joizdir. Bobur Mirzo ham qovunni juda yaxshi ko‘rgan bo‘lsa kerak-ki, bu haqda o‘zining Boburnoma asarida qovunni ko‘p bor tilga olgan. Movaraunnahrdagi viloyatlar va huqudlarni ta’riflaganda, ko‘p o‘rinlarda o‘sha hududning qovunlariga alohida to‘xtalgan. Mana bir o‘rinda Boburnomada shunday deyiladi:

Zahiriddin Muhammad Bobur [4]

“Mevasi koʻp boʻlur va xoʻb boʻlur, qovuni bisyor yaxshi boʻlur. Movarounnahrda Buxoro qovunicha koʻp va xub qovun boʻlmas, Agarchi Fargʻona viloyatidin Axsining bir nav‘ qovunikim, mir temuriy derlar, muning qovunidin chuchukroq va nozukroq boʻlur, vale Buxoroda har jins qovundin koʻp boʻlur va yaxshi boʻlur” [3].

Bobur Mirzo Hindistonda buyuk davlatga asos solgan bo‘lsa-da, uning vataniga bo‘lgan sog‘inchini hech narsa qondira olmagan. Hatto, yurtining qovunu uzumlaridan keltirib Hindistonda bog‘ yaratgan bo‘lsa ham, u yerda yetishritilgan mevalarning ta’mi va hidi ona yurt sog‘inchini bosmagan.

Vatanining noz-ne’matlarini sog‘ingan Bobur shunday yozadi:

„Qovun birla uzumning hajrida ko‘nglimda g‘am har so‘,

Oqar suvning firoqidin ko‘zimdin har dam oqar suv.“

 

 

PS. “Qovunni faqat bir o‘zi uribdi-da”, degan xayolga bormang. Uni albatta yaqinlarim bilan bo‘lishdim :-)

Supper fotokameram qo‘l ostimda bo‘lmagani uchun suratlarni telefonda olishga to‘g’ri keldi. Shuning uchun qovunning suratlari uning mazasidek yaxshi chiqmadi.

 

_____ MANBAALAR _____

[1] Узбекистан намерен увеличить экспорт бахчевых

[2] Узбекские производители наладили экспорт дынь в страны Евросоюза

[3] Boburnoma. Bobur, Zahiriddin Muhammad. „Yulduzcha“ nashriyoti 1989-yil, 47-b.

[4] Bobur surati: O‘qish kitobi. Umumta’lim maktablarining uchinchi sinfi uchun darslik. M. Umarova, SH. HAKIMOVA. Cho‘lpon nashriyoti, Toshkent-2008