Sarg‘aygan sahifalar so‘zlaganda…

Eingetragen bei: Allgemein | 0

s-sahifalar-1-150x145Bolaligimdan esimda, 9-may kuni bobom uchun alohida e’tiborli kun sanalardi. Bobom hayotligida II Jahon Urushidagi ishtiroki, o‘sha davrdagi hayot tarzi haqida ko‘plab voqealarni so‘zlab berardi. Bugun ana shunday tarixiy hikoyani tinglash imkoni yo‘qligidan bobomning hayoti haqidagi biror bir yangi ma’lumot topish ilinjida eski hujjatlar va kitoblarni ko‘zdan kechira boshladim. Oftobdanmi, namdanmi yo yillar zarbidanmi sarg‘ayib ketgan bir daftar e’tiborimni tortdi. Nazarimda bu daftarni bir necha yillar oldin ham ko‘rgan edim, ammo o‘shanda unchalik e’tibor bermagan ekanman.

Betlari arang ilinib turgan bu daftarning qattiq muqovasida nima yozilganini anglab bo‘lmas edi. Ammo ichki sahifalaridagi xira tortib qolgan binafsharang siyohli yozuvlarni o‘qish mumkin edi. Daftarni varaqlar ekanman, tarixdagi tirik guvoh bilan gaplashayotgandek bo‘ldim. (Daftardagi yozuvlar asli kirill alifbosida, lekin u lotin alifbosida berilmoqda, bu yerda kursiv shriftda.)

Kirish

So‘z boshi: Men 1924-yilning …[o‘qib bo‘lmaydi-muallif, bundan keyingi izohlar maqola muallifiga tegishli] kunida kech soati 10 yarimlarda tug‘ilganman. … 1930-yilda otamni quloq qilib Zakavkaziyaga haydagan, shunda men 6 yoshimda bo‘lganman…

1937 … …[o‘qib bo‘lmaydi] onam ukamni olib kelganlar. 4 oydan so‘ng men bilan Orifboy akam otamni qoshlaridan, ya’ni Zakavkaziyadan kelganmiz. Bizlar kelgandan so‘ng u yerda otam bilan Abdulla akam qolgan edi. U ham bo‘lsa 1941nchi yilning mart oylarida Zakavkaziyadan keldi. Endi Zakavkaziyada bir otamni o‘zlari qolganlar, holi [hali] ham o‘sha yerdadirlar.

Otamni boyligi asar qilib [ta’sir qilib; otasi boy bo‘lganligi oqibatida], shuncha sarsib [sarson bo‘lib] uy-joyimizdan ayrildik … [o‘qib bo‘lmaydi].

Yozuchi Ataev Safo

s-sahifalar-2

5/II-1942-yil

Akamni armiyaga borgani

Akam 1939nchi yilning 4nchi fevral kuni armiya safiga qabul qilinib, 2 yillik piyoda askarlikka qabul qilingan. 1941nchi yilning yarmilarida Besarabiyani beurush olganlarida qatnashganlar. Bundan so‘ng 1941nchi yilning 22 iyun kunidan Ruminiyadan urushga kirib, 25 kun urushganlaridan so‘ng Kishinevskiyga kelish vaqtlarida bir to‘pni o‘qi kelib tushib, akamni belidan yarador qilgan. Bu yara bilan 1 oy yotib, yaxshi bo‘lgandan so‘ng yana urushga kirib, kiptidan [yelka], ros [o‘ng] qo‘lidan yarador bo‘lib, 40 kun balnitsada yotib, yana yaxshi bo‘lib, urushga kirib, yana chap qo‘lining 2 yeridan yarador bo‘lib, hozir ham balnitsadadir.

 

 

s-sahifalar-3 (1)

7/II-1942 -yil

Onamning ko‘rgan azobi

1930-1942

1930nchi yilda otamni quloq qildi.
Quloq qilib, Kavkaz tomon haydadi,
Bizlar ham otam bilan birgasi,
Kavkaz tomon jo‘nadik.
Kavkaz borib, joy tuzdik,
Kun kechirdik, tun kechirdik.
Aradan besh yil o‘tdi,
Uzoq kun-tunlar o‘tdi.
Onam Kavkazni sovug‘ida,
Kavkazning qizg‘irin issig‘ida,
Bolalarim och qolmasin,
Yalang‘och qolmasin, degan so‘zlar bilan
Ko‘nglini ish tomon qizg‘itdi.
Azoblarni o‘z joniga chekdi,
Azob chekib, rohatini oz ko‘rdi.


Kavkazdan kelgandan keyin
Uy-joyimiz orqamizda bo‘ldi.
1939 yilda akam armiyaga ketdi,
Onam ko‘ngli tobora shod bo‘lmadi.
Akamdan xat keldi,
Go‘yoki o‘zi kelganday bo‘ldi.
Ketganiga ikki yil to‘ldi,
Uchinchi yilga qadam qo‘ydi.
Kelishi yovuqladi
[yaqinlashdi] va kutmoqdamiz.
Otani boyligi asar
[ta’sir] qildi,
Molu dunyosi asar qildi.
Uyu joydan ayirdi,
Sarsonchilik ko‘paydi.
Oti o‘chsin Germonni,
Odamlarni sarsitdi
[sarson qildi].
Tamom.

Yozuchi Ataev Safo.

 

s-sahifalar-3

8/II – 1942-yil

Akamni furontdan yuborgan maktubi

18/VIII-1941- yil

Qimmatli va mehribon onajonimga sog‘inarlik salomimni taqdim qilaman.
Ukajonlarim Hakimjon, Safojon va Razzoqjonlarga, ko‘plarcha salomimni yetkazaman.
Baqojon akamga qimmatlik salomim yetsin.
Yangamga va uy ichlariga korlarcha salom.
Safarmurat amakimga alangalik salomim yetsin.
Uy ichlariga ham ko‘plarcha salom deng.
Xolamlarga va uy ichlariga korlarcha salom.
Adiz tog‘amga va uy ichlariga hurmatlik salom.
Shu bilan salom tamom. Bu xatni frontda urush ichida yuruchi Ataev Arifjondan deb bilingiz.

Ey, qimmatlik onajon, men uchun xafa bo‘lmang. Lakinda yuragim oydindir, Xudo sog‘lom qo‘ysa, ko‘rishib qolarmiz. Onajon, hozir Maskvaga 300 km qolgan. Ilgari 1100 km edi. Besarabiya tamonidan [hozirgi Moldova va Ruminiya hududlaridagi] Bug‘ dayrosini egallab, biza eng avol Pervomoiski [Pervomayskiy], Kirovgirot goritlarini [«gorod»-shahar] egallab, Dnepetrovskiga [Dneprepetrovsk] yaqin kelganmiz. Dneprni xaritadan topib, Besarabiyani temir yo‘llarini [dushman] egallagan, [shu sababli] Besarabiyaga bu yoqdan poyezd borib kelmaydi. Xudoni xohlagani shu ekanda. Shu yoqqa hozircha o‘tib qolganman. Onajon, hozircha yaxshi bo‘ldimu, lakinda holi [hali] yaram bitgani yoq [yo‘q]. Shunday bo‘lsayam bir boshqa chastga yuboradi. Rostovni o‘ziga borsak kerak.

Lakinda 17/VIII-41dan [17-avgust 1941 yil] boshlab Novocherkashski gorodlariga ham dushman samalotlari uchib zararsiz [bomba] tashlaydi. Xay, onajon, tez kunda dushmanni yoq qilamiz.

Bu xatni akam Baqojonga o‘qiting! Ma’nosini aytib beradi.

Aka, dushmanning hamma avtomashinlari 8 tonnalikdir. Necha birlarini o‘zim granat bilan olov berganman.

Xay, onajon, men peshonamga ko‘nganman. Sizlar ham ko‘ning. Bu urush maydoniga butun yer yuzidagi jonlilarga o‘lum kelgan, ot va boshqa hayvonlarga ham jabrdir … [o‘qib bo‘lmaydi]. Lakin avol Xudo, so‘ng ishanganim [ishonganim] ketimdagi amakim bilan Baqojon akamdir. Lakin o‘lmay borsam gap boshqa. Bu yerda shunday, kattadan kichik, hammasining qo‘lida miltiq. Jangda yurganimizni bilib, qizlar va ukalarimiz [urush maydonidagi] gullar va har turli avqotlar [ovqat] bilan tevaragimizni [atrofimizni] o‘rab turadilar. Lakin bizni odamlarni ko‘ziga nersa [narsa] ko‘rinmaydi, faqat jon (!) ko‘rinadi.

Men dunyoning nersasidan butunlay kechganman. Lakin bir borib, siz azizlarni ko‘rsam, so‘ng mayli edi, deb o‘ylayman. Yana shuncha yeg‘lay, deb harakat qilaman, lakinda ko‘zimdan bir tomchi ham ko‘z yoshim chiqmaydi. Chunki ko‘zlar qotib ketgan. Bu xatni amakim, hammalari o‘tirgan vaqtda o‘qib bering. Men 25 kun jangda qatnashgan bo‘lsam, 50 kun hisoblayman, kecha va kunduz urushda bo‘lganman. 32 kun yarador bo‘lib yotgan bo‘lsam, 64 kun, deb hisoblayman. Va endigina yer yuziga bino bo‘lib, endi bo‘libman 64 kunlik chaqaloq. Lakin urush o‘yinchoqday, kulib, o‘ynab yurasan, o‘lganingni bilmay qolasan. Urushda odamni qimmatligi chivincha ham bo‘lmaydi. It kabi yumalab yotgan bir o‘limdir … .

Sizlarning xatlaringga shuncha ko‘z tutdim. Aqalli bir dona xatlaringizni ololmadim. Lakinda dumag‘im choq [xotirjamman]. Men to‘g‘rida xafa bo‘lmang. Meni yuragim oydindir.

O‘ylang qani, men yer yuziga bino bo‘lgandan boza [beri] rohat ko‘rdimmi? Bo‘lgandan [tug‘ilgandan] beri o‘lim ichida yurubman. Lakin yaratganning o‘zini esimdan chiqorganim yoq. Hozir o‘zbek tuxmi [urug‘i] oldimdan sochilib [tarqalib] ketdi. Faqat yonimda 2 o‘zbek bola bor. U ham bo‘lsa, birini qo‘li uzulib ketgan, ikkinchisini ayag‘i  [oyog‘i]. Sog‘i – bir man, man sog‘ bo‘lsam, qayda bo‘lsam ham, o‘sha yerdan xat yozib yuboraman. Holi araq va papirosni og‘zimga olganim yoq. Lakin bir kuni yaramni og‘rig‘iga chidolmay vino ichdim….

Men xatni yozib bo‘lgancha dushmanni man aytgan goritlardan haydab chiqoribdilar, bizni jangchilar. Mana, radio oldimda, aytdi. Bir dumag‘im choq bo‘lganday bo‘ldi. Chunki o‘zim jangchi, faqat jang to‘g‘risida gap eshitsam, dumag‘im choq bo‘ladi. Agar dushman biror yurtimizni olganini eshitsam, xayol qilaman, bir o‘zim urib chiqorsam! Xay, bundan boshqa gapim yoq. Jangda ko‘rganlarimni nasib bo‘lsa, hovliga borib aytaman. Agarda yozsam, 4 dona daftar kerak.

Xay, shu bilan so‘zim tamom. Sog‘likda ko‘rishaylik, deb o‘g‘lingiz Ataev Arifjon.

Ko‘chirib yozuchi Ataev Safo.

s-sahifalar-5

15/-1942-yil

Yamon yil

1941nchi yil yoz faslida, ya’ni pishiqchilik vaqtida bug‘doy 4 so‘m, arpa 2 so‘m, tariq 1 so‘m, jo‘xori 2 so‘m, g‘o‘lin [turshak] 1,5 so‘m bo‘lgan vaqtda g‘allani olib zapas [g‘amlab qo‘yish] qilmadikkim, e nima bo‘libdi, qimmatchilik bo‘lsa, deb zapas qilgan emasmiz.

22nchi iyun kunidan boshlab Sovet hukumati bilan Germaniya o‘rtasida urush boshlanganida ham ovqat masalasini yamon bo‘lish bo‘lmasligi to‘g‘risida hech qanday o‘ylov, fikr qilmaganmiz. Ikki o‘rtada qizg‘in urush boshlanganidan so‘ng Ukraina, Moskva, Besarabiya tomonlardan odamlar kelavergandan so‘ng ocharchilik, kasallik va qimmatchilik boshlangandan so‘ng, arzonchilik vaqtida g‘alla olmaganimiz uchun qattiq pushaymon yeganmiz. Bu qattiq pushaymon payda [foyda] keltirmagani aniq bo‘ldi.

Shu vaqtda 1 kilo bug‘doy 30 so‘m, jo‘xori 25 so‘m, tariq 20 so‘m, arpa 20-25 so‘m, g‘o‘lin 20 so‘m va maiz 40 so‘m bo‘lib qolgani alam qiladi. Bu qimmatchilik o‘tib ketsayam yoddan chiqarmaslik shartdir. Arzon vaqtda olib zapas qilishlik lozimdir.

Har bir narsani o‘z vaqtida g‘amini yeganda yaxshi bo‘lur, deb eslatma yozuvchi Ataev Safo.

s-sahifalar-safojon_amaki200x124

 

Atoev Safojon –1924-yilda tug‘ilgan, 6-sinf ma’lumotiga ega bo‘lgan. 1941-yil harbiy xizmatga chaqirilgan, Smolenskiyda ikki yil xizmat qilgan va 1943-yil 22- noyabrda janglarning birida yaralanib, vafot etgan.

 

Daftardagi yozuvlarga berilib, vaqtning qanday o‘tib ketganini bilmabman. Bir vaqtlar kattalardan eshitganim bobomning Safojon ismli ukasini beixtiyor yodga oldim. Ha, bu u kishining xotira daftari edi. Safojon amaki bu xotiralarni urushga ketishidan oldin yozib qoldirgan ekan. Daftardan o‘sha yomon yillarning yomon kunlari tasvirlangan yana boshqa xotiralar ham o‘rin olgan edi. Safojon amakidan faqatgina mana shu xotira daftariyu o‘n uch yoshligidagi birgina surati yagona yodgorlik bo‘lib qoldi, u urushdan qaytib kelmadi.

Xotira daftarida tilga olingan Safojon amakining frontdan xat yuborgan akasi bobom, Atoev Orifjon edi. Bobom urushdan omon qaytib, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida sakkiz farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi.

s-sahifalar-orifjon_bobo200x142

 

Atoev Orifjon – 1919-yilda tug‘ilgan. 1939-yil harbiy xizmatga ketib, Finlandiya urushida ishtirok etgan. Ikkinchi Jahon Urushi boshlanganda birinchilardan bo‘lib jangga kirgan, Odessa uchun janglarda va Leningrad mudofaasining oxiriga qadar ishtirok etgan. Bir necha bor yarador bo‘lib, 1945-yilda urushdan qaytgan va tinch umr kechirgan. Serjant unvonida bo‘lgan, bir necha orden va medallar bilan taqdirlangan.

Bobom oilaning to‘ng‘ichi bo‘lib, urushga ketgunlaricha ukalari – Abdulhakim, Safojon va Razzoqjonlarga g‘amxo‘rlik qilgan. Hozirgi kunda faqat ularning eng kichigi – Razzoqjon amaki hayot bo‘lib, farzandlari ardog‘idadir. Bobom 70 yoshida farzandlaridan rozi bo‘lib, bu dunyoni tark etdilar. O‘tganlarning ruhlari shod bo‘lsin!

Samandar Atoev